Lyublyanada O'zbekiston-Sloveniya biznes-forumi o'tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Lyublyana shahrida O'zbekiston-Sloveniya biznes-forumi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Forum O'zbekiston elchixonasi (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) "SPIRIT Slovenia" biznesni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Iqtisodiy tadbir O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari va yurtimizning investitsiyaviy salohiyati, savdo, iqtisodiyot va turizm sohasidagi imkoniyatlarini taqdim etish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo'nalishlarini belgilab olish maqsadida o'tkazildi.
Yurtimiz diplomatlari O'zbekistonda biznes yuritishning huquqiy va iqtisodiy shart-sharoitlari haqida so'zlab berishdi. Ishtirokchilar qo'shma loyihalar va sarmoyaviy tashabbuslarni muhokama qildilar. Sloveniya Tashqi ishlar va Yevropa vazirligi hamda "SID Bank" vakillari ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni qo'llab-quvvatlash choralari, moliyaviy imkoniyatlar va kafolatlar haqida to'xtaldi.
Shuningdek, ishtirokchilar xalqaro hamkorlik tajribalari, "SPIRIT Slovenia" tomonidan xorijiy bozorlarga chiqish uchun ishlab chiqilgan maxsus dasturlar bilan tanishdilar. "Tajfun RUS" kompaniyasi vakillari esa O'zbekistondagi faoliyatlari bilan o'rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston va Sloveniya kompaniyalari o'rtasida yangi biznes aloqalarini o'rnatish, hamkorlikni kengaytirish bo'yicha kelishuvga erishildi.