Londonda O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Buyuk Britaniyaning davlat idoralari, sayyohlik agentliklari va kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari, noyob tarixiy va madaniy merosi taqdim etildi. Buyuk ipak yo‘lidagi sivilizatsiya markazlari hisoblangan qadimiy shaharlar bo‘ylab sayyohlik yo‘nalishlari namoyish etildi.
Dastur doirasida mashhur britaniyalik olima, yozuvchi va teleboshlovchi Bettani Xyuzning “Uzbekistan: The Golden Road” (“O‘zbekiston - Oltin yo‘l”) nomli hujjatli filmi namoyish etildi. Bu film O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida sayyohlik sohasidagi samarali hamkorlikning natijasi bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xorijiy sayyohlarning qiziqishini oshirayotganini alohida ta’kidlashdi.
O‘zbekistonda turizm sohasi rivojlantirilayotganda nafaqat chet ellik mehmonlarni jalb etish, balki tarixiy va madaniy merosni asrash, hududlarning barqaror taraqqiyotiga hissa qo‘shish hamda xalqaro aloqalarni mustahkamlashga ham katta e’tibor berilayotgani qayd etildi.
Tadbir milliy liboslar namoyishi, san’atkorlarning chiqishlari va o‘zbek milliy taomlaridan mehmonlarga ziyofat berish bilan yakunlandi.