Valyuta kurslari 30/01/2026
$1 – 12199.10
UZS – 0,25%
€1 – 14585.24
UZS – -0,02%
₽1 – 160.49
UZS – 0,38%
Qidirish
Limak O'zbekistonda gidroelektrostansiyalar qurishda Turkiya tajribasini qo'llashga tayyor

Limak O'zbekistonda gidroelektrostansiyalar qurishda Turkiya tajribasini qo'llashga tayyor

Limak O'zbekistonda gidroelektrostansiyalar qurishda Turkiya tajribasini qo'llashga tayyor

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Turkiyaning yetakchi kompaniyalaridan biri — “Limak” kompaniyasi ta’sischisi Sezay Bajaksiz bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, xususan, energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar gidroelektr stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish masalalariga alohida e’tibor qaratib, ushbu loyihalar bo‘yicha hujjatlarni birgalikda ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.  

Qayd etilishicha, “Limak” kompaniyasi Turkiyada 10 ta gidroelektr stansiyasini muvaffaqiyatli barpo etgan bo‘lib, mazkur tajriba O‘zbekistonda ham amaliy qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlardan birini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalarda “Limak” kompaniyasining ishtiroki masalalari muhokama qilindi. Kompaniya Kuvayt, Senegal va Kosovo davlatlarida aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha salmoqli tajribaga ega ekani ta’kidlandi.  

Uchrashuvda “Limak” kompaniyasining global miqyosdagi faoliyati ham qayd etildi. Kompaniyaning yillik foydasi 4,1 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Qurilish sohasida “Limak” Turkiyada birinchi o‘rinni egallab, dunyo miqyosida esa eng yirik 20 ta kompaniya qatoridan joy olgan.  

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, aniq loyihalar bo‘yicha amaliy muzokaralarni davom ettirish hamda uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling