Leapmotor O‘zbekiston bozorida rasmiy distribyutor orqali faoliyat olib boradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Leapmotor kompaniyasi O‘zbekistonda faqat rasmiy distribyutor orqali faoliyat yuritadi.
2025 yil 13 aprel kuni Leapmotor Automobile Co. Ltd. kompaniyasi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va “O‘zbekiston ilmiy-sinoat sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasiga rasmiy xat yo‘lladi.
Mazkur xatda kompaniya C16 modeldagi elektromobillarni O‘zbekiston hududiga noqonuniy (rasmiy distribyutorsiz) olib kirilganini tasdiqladi va vujudga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qator choralar ko‘rishga tayyor ekanini bildirdi.
Xatga ko‘ra, endi kompaniya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida faqat rasmiy distribyutor orqali amalga oshiradi.
Ruxsat etilmagan (norasmiy) tarzda olib kirilgan avtomobillar kompaniya tomonidan rasman tan olinmaydi va ularga rasmiy kafolat va texnik xizmat ko‘rsatilmaydi.
Transport vositalari turini tasdiqlash sertifikati (OTTS) uchun sinov jarayonlari qisqa muddatda yakunlanadi.
Kelgusida UzTest bilan to‘liq hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, sifat nazorati yana-da kuchaytiriladi.
Bu hamkorlik avtomobillarning xavfsizligi, sifati va texnik talablarga muvofiqligini taʼminlashga qaratilgan.
UzTest mazkur tashabbusni yuqori baholadi va foydalanuvchilar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan barcha jarayonlarda faol ishtirok etishda davom etadi.