Laziz Qudratov Londonda Britaniya moliya institutlari bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 13–14-oktabr kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga rasmiy tashrifi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Londonda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyaning yetakchi moliyaviy institutlari oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qator muzokara va uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralarda infratuzilmaviy va sanoat sohalarini rivojlantirish, eksport moliyalashtirish, energetika va “yashil” iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, xalqaro bozorlarda moliyaviy instrumentlarni chiqarish va muomalasini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratildi.
Tashrif doirasida vazir investitsiya-bank sektori, yirik moliyaviy guruhlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armalari va xalqaro eksport-kredit agentliklari vakillari bilan ham uchrashdi. Tomonlar moliyaviy integratsiyani chuqurlashtirish, savdo mexanizmlarini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Dastur yakunida ISSV rahbari “Yangi O‘zbekiston - ulkan imkoniyatlarga ega yirik mamlakat” nomli investitsiya road-shousida qatnashdi. Tadbirda olib borilayotgan islohotlar va iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari taqdim etildi.