Laziz Qudratov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQShda muzokaralar olib bormoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi Ishchi guruh AQShda bo‘lib, yetakchi amerikalik kompaniyalar va moliyaviy institutlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish hamda o‘zbek kompaniyalarini xalqaro kapital bozorlariga olib chiqish masalalari markaziy o‘rin egalladi. Muhokamalarda, xususan, bank-moliya sohasi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish va AQSh fond bozorida sheriklikni chuqurlashtirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Dastur doirasida AQShning sog‘liqni saqlash, mehmonxona biznesi, development, innovatsiya va yuqori texnologiyalar sohalaridagi yirik kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt masalalariga bag‘ishlanib, alohida muzokaralar o‘tkazilmoqda. Ularda davlat xizmatlari sohasiga innovatsion yechimlarni integratsiya qilish hamda sanoatni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Muzokaralarning konstruktiv ruhda kechayotgani O‘zbekiston – AQSh strategik hamkorligining muhim ahamiyatini namoyon etib, muhim yo‘nalishlarda yangi istiqbollarni belgilab bermoqda. O‘zbekiston delegatsiyasining AQShdagi faoliyati davom etmoqda.