Latviya davlatiga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan fuqarolarimizni xorijiy davlatlarga ishlash uchun yuborish bo‘yicha qator amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Natijada vatandoshlarimiz borib ishlaydigan mamlakatlar soni tobora ortib, xorijda bo‘lib turgan vaqtlarida ularning huquqlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Lekin, ishonuvchan, sodda fuqarolar go‘yoki chet davlatlarga ishlash uchun yubormoqchi bo‘lgan firibgarlar tuzog‘iga tushib qolayotganliklari ham bor haqiqat.
Xususan, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1991 y.t. shaxs xorijda ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga maslahat va viza olish bo‘yicha zarur hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ tashkil qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kiradi.
Ularga Latviya davlatiga ishlash uchun borishlarida kerak bo‘ladigan vizani olib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bunday qonunbuzilish holati Toshkent viloyatida ham qayd etilib, unda Angren shahrida yashovchi, 1997 y.t. shaxs Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi 1991 va 1992 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaroga elchixonada ishlovchi tanishlari orqali Latviya davlatiga borib ishlash imkonini beruvchi ishchi viza rasmiylashtirib berish evaziga 8250 AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Angren shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘idan 2100 AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur ikki qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.