“Kvarts” AJning nazorat paketidagi aksiyalari yana davlat tasarrufiga o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning eng yirik oyna mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi — “Kvarts” AJning nazorat paketidagi aksiyalari yana davlat mulkiga o‘tdi. Bu haqda 2025 yil 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bayonnomasida qayd etilgan.
Hujjatga ko‘ra, korxonaning 89,78% aksiyalari hozirda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) tasarrufiga o‘tdi. Avvalroq, 2023 yil fevral oyida ushbu ulush “Quvasoysement” kompaniyasiga 265 milliard so‘mga sotilgan edi. Shuningdek, xaridor zavodning 47,2 million yevro miqdoridagi kredit majburiyatlarini to‘liq to‘lash majburiyatini olgan edi.
Biroq bayonnomaga asosan, “Quvasoysement “Kvars” AJning affilirlangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilgan, bu esa uning korxona ustidan nazoratni yo‘qotganini ko‘rsatadi.
Aksiyadorlar yig‘ilishida kuzatuv kengashi aʼzolarining vakolatlari muddatidan oldin bekor qilinib, yangi tarkib shakllantirildi. Yangi kuzatuv kengashiga DABA va “O‘zpromstroymateriallari” AJ rahbar o‘rinbosari vakillari kiritildi.
Hozircha “Kvarts” davlat mulkiga qaytarilishi sabablari yuzasidan rasmiy tushuntirish berilmagan. Mavjud taxminlarga ko‘ra, bu qaror “Quvasoysement” tomonidan xususiylashtirish shartlarining bajarilmagani sababli qabul qilingan bo‘lishi mumkin.