Kosmik sohada amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-oktyabr kuni kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik ma’lumotlardan foydalanish kengayib bormoqda. Xususan, Prezidentning 30-sentyabrdagi farmoni bilan bu boradagi ishlar yangi bosqichga olib chiqildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi geologiya, yer munosabatlari hamda ekologiya sohasida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringini o‘tkazishi belgilandi, agentlikning hududiy vakillari lavozimi joriy etildi.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, endilikda kosmik tahlillar yordamida iqtisodiyotga katta turtki beradigan yangi imkoniyatlarni aniqlash lozim.
Respublikada har yili yuzlab foydali qazilma konlari va karerlar auksionga chiqarilyapti. Tadbirkorlarga imkoniyat yaratilib, konlarga sanoat olib kirilmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili 170 ta, yil boshidan esa 172 ta kon auksionda sotilgan.
Lekin konlardan ruxsatsiz foydalanish muammosi hanuzgacha dolzarb ekani, yil boshidan kosmik monitoring yordamida 2 mingdan ziyod shunday holat aniqlangani qayd etildi.
Bosh prokuratura zimmasiga iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish va ularni o‘z vaqtida fosh etishda yer, ishlab chiqarish obyektlari va konlarni sun’iy yo‘ldosh orqali tahlil qilish ma’lumotlaridan samarali foydalanish vazifasi qo‘yildi.
So‘nggi yillarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan 1 million 365 mingta uy-joyga kadastr rasmiylashtirib berilgan. Lekin haligacha bunday noqonuniy qurilishlarga to‘liq barham berilgani yo‘q. Yil boshidan 33 mingdan ziyod o‘zboshimcha qurilish aniqlangan bo‘lsa, ularning ko‘pi qishloq xo‘jaligi yerlarida joylashgan.
Shu munosabat bilan qisqa muddatda tegishli axborot platformalarini integratsiya qilib, noqonuniy qurilish holatlarini tezkor o‘rganish va bartaraf etish imkonini beradigan tizim yaratish topshirildi.
Taqdimotda kosmik monitoring asosida joylarda bo‘sh turgan yerlarni aniqlash va iqtisodiy aktivga aylantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizning oltita hududida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 300 gektarga yaqin bo‘sh yerlar aniqlandi. Birgina Toshkent shahrida 95 gektar bo‘sh yer uchastkasi topilib, auksionga chiqarilgan.
Prezidentimiz bu yil yana 8 ta hududda, kelgusi yilda barcha tuman markazlarida o‘rganishlarni oxiriga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Sohada xalqaro tajriba va ilg‘or yechimlarni faol joriy qilish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan loyihalar yuzasidan axborot berdi.
Jumladan, kosmik ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishi, quyosh panellarining samaradorligi, yo‘l qoplamasining holati, temir yo‘l va elektr tarmoqlaridagi nosozliklar va ortiqcha yuklamalarni aniqlash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, taqdimotda kosmik sohada ta’lim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish, yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatimizning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. 2028-yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan topshiriq berildi.
#Shavkat Mirziyoyev