Korzinka tarmog‘i bosh direktori Rud Pedersen uch yildan so‘ng o‘z lavozimini tark etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston boʻylab 170 tadan ortiq do‘konga ega boʻlgan eng yirik “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ining bosh direktori Rud Pedersen kompaniyadagi uch yillik faoliyatdan so‘ng oʻz lavozimini tark etayotgani eʼlon qilindi.
Rud Pedersen bundan buyon oʻz oilasiga koʻproq vaqt ajratish niyatida shu qarorga kelgan. Hozirda “Korzinka”ni keyingi rivojlanish bosqichida olgʻa yetaklaydigan yangi rahbar izlanmoqda. Oʻtish davrida kompaniyani tajribali yuqori menejment jamoasi direktorlar kengashi raisi va kompaniya asoschisi Zafar Hoshimov bilan hamkorlikda boshqarishda davom etadi. Shuningdek, hozirda bosh direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Akmal Asadov “Korzinka” bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Kompaniya 2022-yildan buyon “Korzinka”ning rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Rudga chuqur minnatdorchilik bildiradi. U rasman 30-sentabr kuni lavozimini tark etadi, biroq kelgusi oylarda majburiyatlarning samarali taqsimlanishini taʼminlash uchun kompaniyaga maslahat berishda davom etadi.
“Korzinka” direktorlar kengashi raisi va asoschisi Zafar Hoshimov quyidagilarni ta’kidladi: “Rud Pedersenga so‘nggi yillarda “Korzinka”ni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun tashakkur aytmoqchiman. Shaxsan men uning kompaniya taraqqiyotining bunday muhim davrida sarflagan vaqti, sa’y-harakatlari va kuch-g‘ayrati uchun juda minnatdorman. Uning safimizni tark etayotganidan afsusdaman, biroq Rudning bundan keyin oʻz oilasiga koʻproq vaqt ajratish qarorini butkul hurmat qilaman. Butun “Korzinka” jamoasi nomidan Rudga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Unga va oilasiga eng samimiy tilaklarimni bildiraman.
Munosib rahbar topilgunga qadar, biznesni muttasil ravishda direktorlar kengashining to‘liq ko‘magi va dastagi bilan taniqli va yuqori malakali top-menejerlar jamoasi boshqarishda davom etadi. Biz avvalgiday 2028-yilgacha tarmog‘imizni 1000 ta do‘konga yetkazishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamiz va ulkan rejalarimizni amalga oshirishga intilmoqdamiz”.
Rud Pedersen bunday deb qo‘shimcha qildi: “Korzinka” tarmogʻini yanada rivojlantirish uchun navbatdagi sarmoya jalb qilish raundini yakunlagach, aynan hozir vakolatlarni topshirish, xalqaro sayohatlarni qisqartirish va boshqa mamlakatda yashovchi oilam bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish uchun qulay fursat yetganini teran angladim. Ishonch va dastak uchun Zafar Hoshimovdan, Direktorlar kengashidan va aksiyadorlarimizdan chuqur minnatdorman. “Korzinka” rivojiga hissa qoʻshganim va mana shunday ajoyib jamoa bilan ishlaganimdan faxrlanaman.