Korzinka o‘sishni jadallashtirmoqda: yangi logistik markaz va kengayish bo‘yicha katta rejalar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning ikkinchi yarmida Korzinka chakana savdo tarmog‘i yangi taqsimlash markazini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning 2024 yil uchun hisobotida qayd etilishicha, 49 ming kvadrat metr maydonga ega “A” toifali obyektni foydalanishga topshirish 3-chorakka belgilangan.
Korzinka kuzatuv kengashi raisi Zafar Hashimovning taʼkidlashicha, jalb etilgan moliyalashtirish va yangi logistika markazining ochilishi orqali kompaniya jamoasi rivojlanishning keng qamrovli strategiyasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Ushbu strategiyaning asosiy maqsadi — yaqin yillar ichida do‘konlar sonini 1 000 taga yetkazishdir.
Kompaniya bosh direktori Rud Pedersen taʼkidlashicha, 2024 yilda investitsiyalarning asosiy qismi taqsimlash markazi qurilishi va Mahalla formatidagi do‘konlarni modernizatsiya qilishga yo‘naltirildi. Bu organik o‘sish surʼatlariga taʼsir qildi — yil davomida bor-yo‘g‘i 10 ta yangi supermarket ochildi.
Markaz ishga tushgach, amaldagi to‘rtta logistika maydonchasi faoliyati to‘xtatiladi. U yerdagi xodimlar yangi obyektga o‘tkaziladi. Markaz odatiy, sovitilgan va muzlatilgan tovarlarni saqlash uchun omborlarni birlashtiradi. Uning quvvati keyingi 500 ta do‘konni taʼminlash uchun yetarli bo‘ladi.
Pedersen ishonch bilan aytishicha, markazlashtirilgan logistika do‘konlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish hajmini sezilarli qisqartirishga va stellajlarni to‘ldirishni yaxshilashga imkon beradi. Farg‘ona vodisidagi yangi mevali-sabzavot ombori bilan birgalikda bu barcha formatlarda yangi mahsulotlar assortimentini kengaytirish va sifatini yaxshilashni taʼminlaydi.
Markazning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojining katta qismi 1 megavatt quvvatga ega quyosh panellari orqali qoplanadi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 3 megavattga yetkazish rejalashtirilgan.
Korzinka kompaniyasining moliyaviy direktori Yelena Malseva maʼlum qilishicha, taqsimlash markazi qurilishi 2024 yildagi eng yirik kapital xarajat (CAPEX) bo‘lib, bu maqsadlar uchun 291,2 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Markaz ishga tushgach, kompaniya amaldagi omborlarni modernizatsiya qilish bilan shug‘ullanadi.
Loyihani amalga oshirish uchun kompaniya ikki muhim investitsiya paketini olgan: 2023 yil noyabrida Xalqaro moliya korporatsiyasidan (IFC) 25 million dollar va 2024 yil sentyabrida Germaniyaning davlat banki guruhi KfW tarkibiga kiruvchi DEG kompaniyasidan yana 25 million dollar.
Katta investitsiya xarajatlariga qaramasdan, Korzinka barqaror o‘sishni namoyon qilmoqda. Kompaniyaning daromadi 9,4 trillion so‘mga yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2 trillion so‘mga ko‘p.
Biznesning asosiy harakatlantiruvchi kuchi — supermarketlar hisoblanadi: hisobot davri oxiriga kelib 129 ta do‘kon faoliyat ko‘rsatgan, bu segmentdagi daromad 2024 yilda 8,6 trillion so‘mni tashkil qilgan va 22% o‘sishga erishilgan. Tarmoq o‘z non mahsulotlari va yangi mahsulotlar yo‘nalishini faol rivojlantirmoqda — do‘konlarda 121 ta nonvoyxona ishlamoqda.
Mahalla formati ommalashib bormoqda: 18 ta do‘kon har kuni o‘rtacha 900 nafar mijozga xizmat ko‘rsatadi. Oldindan ochilgan do‘konlardagi ayni daromadlar 40% o‘sgan, xaridlarning 10% dan ko‘p qismi 150 ming so‘mdan ortiq bo‘lgan.
Korzinka Go‘ning onlayn yo‘nalishi portlovchi o‘sishni ko‘rsatmoqda: buyurtmalar soni milliondan oshgan, savdo hajmi esa 188% o‘sgan.
EBITDA ko‘rsatkichi 5,5%dan 3,1%ga tushgan. Bu First Price (Yanada arzon narx) dasturiga katta sarmoyalar, ish haqlari va kommunal to‘lovlarning o‘sishi, mijozlar sadoqati dasturining qayta ishga tushirilishi, Mahalla va Go formatlarini masshtablashtirish bilan bog‘liq xarajatlar bilan izohlanadi. Shunga qaramay, mutlaq ko‘rsatkichlarda yalpi foyda 25%ga, operatsiyaviy pul oqimi esa 615 milliard so‘mgacha o‘sgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 5,7% ko‘proq.
Ayni daromadlar 9,3%ga oshgan, umumiy xaridlar soni 94 millionga yetgan. Kuniga o‘rtacha 250 ming nafar mijoz Korzinka do‘konlariga tashrif buyurgan.
Kompaniya o‘z savdo belgilarini faol rivojlantirmoqda. Assortimentda 511 ta mahsulot turi (SKU) mavjud bo‘lib, ular umumiy savdoning 7,6%ini tashkil etmoqda. Maqsad — 2027 yilgacha bu ulushni 25%ga yetkazish.