Valyuta kurslari 05/09/2025
$1 – 12437.15
UZS – 0,51%
€1 – 14480.57
UZS – 0,39%
₽1 – 153.34
UZS – 0,14%
Qidirish
Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza muhokama qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza muhokama qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 10-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim  etilgan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

2024-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlashga qaratilgan 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etildi. Ularning faoliyatida ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.

Sohada davlat siyosati izchilligini taʼminlash maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi, ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar ro‘yxati 35 tadan 40 tagacha kengaytirildi.

Shu bilan birga, muhokamada senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi ham qayd etildi.

Xususan, 2024 yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari tahlili ko‘rsatganidek, Andijon, Toshkent, Namangan, Sirdaryo viloyatlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga eng ko‘p zarar yetkazilgan, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Andijon, Namangan Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ortgan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab taʼlimi, sog‘liqni saqlash, tijorat banklari hamda bandlik tizimi xodimlariga to‘g‘ri keladi.

Adliya vazirligi tomonidan 2024-yilda 2 mingdan ortiq loyihalarning 222 tasida yoki 11 foizida 337 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan. Korrupsiyaviy omillarning aksariyati Iqtisodiyot va moliya, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Qishloq xo‘jaligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari tomonidan kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlarda aniqlangan.

Korrupsiyaga qarshi ekspertizaga berilmagan loyihalarning ko‘pchiligi Investitsiyalar, sanoat va savdo (6 ta), Energetika, Qishloq xo‘jaligi hamda Tashqi ishlar (5 tadan) vazirliklari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Muhokama jarayonida Senat aʼzolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qator vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi. Xususan:

– korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilgan holda jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlarida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash;

– korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini faollashtirish, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishining oldini olish;

– ichki nazorat tuzilmalari tomonidan nazorat tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilishini taʼminlash, odob-axloq komissiyalarining faoliyatini kuchaytirish.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling