Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Uzbekistan Airports davlat xaridlarida 6,8 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlarini aniqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 6,8 mlrd so‘mlik davlat xaridlari jarayonida qonunchilik buzilganini aniqladi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Uzbekistan Airports tomonidan bodi-kameralarni yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish xizmatlarini ko‘rsatish uchun tashkil etilgan tenderda jiddiy qonunbuzilish holatlari qayd etilgan.
«Tekshiruv jarayonida tanlov takliflari to‘liq va xolis baholanmagani, affillangan shaxslar ishtirok etgani va baholashda xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi», — deyiladi agentlik xabarida.
Shu munosabat bilan xarid komissiyasining g‘olibni tanlash bo‘yicha bayonnomalari bekor qilindi va to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Uzbekistan Airports esa o‘z navbatida xarid qonunchilik va davlat xaridlari tartiblariga qatʼiy rioya qilingan holda o‘tkazilganini bildirdi. «Tenderning barcha bosqichlari — tanlov hujjatlarini eʼlon qilishdan tortib, takliflarni baholashgacha amaldagi qoidalarga to‘liq muvofiq bo‘lgan. Xarid paytida ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik haqida komissiyada maʼlumot yo‘q edi», — deyilgan kompaniya izohida.
Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, shartnoma yakuniy qiymati QQS bilan 4,3 mlrd so‘mni tashkil etgan, 6,8 mlrd so‘m esa to‘plangan tijorat takliflari asosida hisoblangan boshlang‘ich narx bo‘lgan. Takliflar rasmiy sayt orqali qabul qilingan.
Shuningdek, baholash jarayonida ishtirokchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri affillanganlik aniqlanmagan, ommaviy axborot vositalarida tilga olingan uchinchi kompaniya esa umuman tenderda qatnashmagani, balki zaxira g‘olibi bilan bir xil ro‘yxatdan o‘tish manziliga ega bo‘lgani taʼkidlandi.
«Bir nechta kompaniyaning bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgani qonun bilan taqiqlanmagan, shu sabab komissiya g‘olibni chetlatish uchun asosga ega emas edi. Kompaniyalar o‘rtasidagi bog‘liqlik fakti faqat natijalar tasdiqlanganidan keyin aniqlandi», — deya qayd etildi izohda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasi va Uzbekistan Airports qarori asosida xarid natijalari haqiqiy emas deb topildi va tender bekor qilindi.