Koreyalik investorlar Farg‘ona viloyatida taʼlim tizimini rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘onada maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi sohasini rivojlantirishga investitsiya kiritish istagida bo‘lgan koreyalik ishbilarmonlar bilan uchrashdi.
Koreyaning “Englishunt Inc.” kompaniyasi prezidenti Chungrim Xan bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Farg‘ona shahrida innovatsion taʼlim tizimiga asoslangan va zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Chungrim Xanning koreys tili sertifikati beruvchi kompaniya vakillari bilan birgalikda Farg‘onada qo‘shma loyihalar ustida ishlash bo‘yicha bildirgan taklifi ham qo‘llab-quvvatlandi.
“Global ecorea” kompaniyasi bosh direktori Kvak Yun Yon esa Farg‘onada Koreya tajribasi asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilishi bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim qildi.
Viloyat hokimi mazkur loyihalar Farg‘ona taʼlim tizimi uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, har tomonlama ko‘mak berilishini maʼlum qildi.
Investorlar tomonidan aniq takliflar tayyorlanishi va muzokaralarni davom ettirishga kelishildi.