Koreya va Yaponiya IT korxonalari Samarqandga taklif etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vazirligining Samarqand viloyati hududiy shu’basi va IT Park Samarqand filiali xodimlari Samarqand viloyati hokimligi rahbariyati bilan birgalikda Koreya Respublikasi va Yaponiya davlatiga IT kompaniyalarni viloyatga jalb etish va IT xizmatlar eksportini oshirish yuzasidan xizmat safari amalga oshirdi.
Xizmat safari davomida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlar davomida O‘zbekistonda IT kompaniyalar uchun yaratilgan soliq imtiyozlari, IT Park infratuzilmasi va investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida koreys va yapon kompaniyalariga batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, IT sohasida yosh kadrlarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, autsorsing asosida eksport xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar uchun “Zero Risk” dasturi va boshqa taqdimotlar o‘tkazildi hamda startap loyihalarni moliyalashtirish uchun grant mablag‘larini jalb etish masalalari muhokama etildi.
Mazkur uchrashuvlar yakunida Samarqand viloyatida IT autsorsing markazi hamda bir nechta koreys va yapon korxonalarning bo‘linmalarini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi va hamkorlik memorandumlari imzolandi.