Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasida ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlik aloqalari mustahkamlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning 16–17-oktyabr kunlari Janubiy Koreya Respublikasining Seul shahrida Koreya kriminologiya va adliya instituti (KICJ) tomonidan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida “12-Koreya kriminologiya va adliya instituti xalqaro forumi (KICJIF)” boʻlib oʻtdi.
Tadbirda zamonaviy jinoyatchilik, ayniqsa uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning ahamiyati, sohada zamonaviy texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish imkoniyatlari muhokama etildi.
Forumda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC), Birlashgan Millatlar Tashkilotining jinoyatlarning oldini olish va jazoni ijro etish boʻyicha Osiyo va Qitʼa instituti (UNAFEI), Tayland Adliya instituti (TIJ), Mongoliya Milliy huquq instituti, Koreya Adliya vazirligi, Koreya Milliy politsiya agentligi (INTERPOL Milliy markaziy byurosi), Xitoyning Jenmin universiteti, Xitoy Siyosiy fanlar va huquq universiteti, Pekin Normal universiteti, Koreya Jinoyat-protsessual huquq assotsiatsiyasi va Kyongbuk milliy universiteti kabi nufuzli tashkilotlar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti ham faol ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi nutq soʻzlab, oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonda jinoyatlarni barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro ilmiy-tadqiqotlar hamda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, tadbir yakunida xalqaro tashkilotlar vakillariga Oʻzbekistondagi jinoyatchilikning oldini olish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar taqdim etildi. Birgalikda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, Kriminologiya tadqiqot instituti Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jinoyatlarning oldini olish va jinoiy odil sudlov dasturi institutlari tarmogʻiga aʼzo boʻlish masalasi boʻyicha muzokaralar olib bordi.
Forum doirasida Koreya kriminologiya va adliya instituti (KICJ) prezidenti Jong Vong Seyok bilan “Oʻzbekiston va Koreya kriminologiyasini qiyosiy tadqiq etish” nomli ilmiy-amaliy tadqiqot loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.