Valyuta kurslari 21/05/2025
$1 – 12892.91
UZS – 0,27%
€1 – 14512.26
UZS – 0,05%
₽1 – 160.34
UZS – 0,39%
Qidirish
O‘zbekiston 21/05/2025 Koreya hukumati “Statistika salohiyatini oshirish” loyihasi uchun O‘zbekistonga 3,8 mln dollarlik grant ajratdi

Koreya hukumati “Statistika salohiyatini oshirish” loyihasi uchun O‘zbekistonga 3,8 mln dollarlik grant ajratdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi va Koreya Respublikasining “Statistics Korea” idorasi o‘rtasida 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan “Statistika salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida muhim hamkorlik boshlandi. Koreya hukumatining rivojlanishga rasmiy yordam dasturi (ODA) doirasida 3,8 million AQSH dollari miqdoridagi grant asosida moliyalashtiriladigan ushbu loyiha mamlakatimizda statistika tizimini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etishga qaratilgan.

Ayni paytda Koreya statistika idorasi vakillari Milliy statistika qo‘mitasiga tashrif buyurib, loyiha doirasidagi yakuniy yo‘nalishlarni muhokama qilmoqda. Muhokamalarda kadrlar malakasini oshirishga alohida eʼtibor berildi. Bu yo‘nalishda Milliy statistika qo‘mitasi xodimlari uchun Koreya va O‘zbekistonda o‘quv kurslari tashkil etiladi, shuningdek, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida kompyuter va audio qurilmalar bilan jihozlangan zamonaviy o‘quv xonalari tashkil etiladi.

Loyiha doirasida CATI (kompyuter yordamida telefon orqali intervyu o‘tkazish) tizimi joriy etiladi, bu esa tanlanma kuzatuvlarni tezkor va aniq amalga oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, maʼmuriy maʼlumotlar bazalarini boshqarish tizimi yaratilib, davlat organlari o‘rtasida maʼlumotlar integratsiyasi taʼminlanadi va statistik tahlillar avtomatlashtirilgan, ishonchli platformalarda amalga oshiriladi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston statistika tizimiga innovatsiya va yuqori texnologiyalarni joriy etish, sohani xalqaro andozalarga mos ravishda rivojlantirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling