Ko‘p kvartirali uylarni barpo etishda kompleks qurilish tamoyillari joriy etiladi
Ko‘p kvartirali uylarni barpo etishda kompleks qurilish tamoyillari joriy etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Ko‘p kvartirali turar joy majmualarini qurishda kompleks qurilish mexanizmlarini joriy etish va shaffoflikni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan 2028 yil 1 martga qadar eksperiment tariqasida belgilangan yer uchastkalarida ko‘p kvartirali uylarni kompleks qurilish mexanizmlari asosida qurishni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–29-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan investitsiya kompaniyalari tegishli hududlarda kompleks qurilish loyihalarini amalga oshirish uchun masʼul tashkilot sifatida faoliyat yuritadi.
Hududlarda yashil bog‘lar, ekopark va xiyobonlarni barpo etish Investitsiya kompaniyalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, bunda:
mazkur maqsadlar uchun tegishli hududlarda davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarini sotishdan mahalliy byudjetga tushadigan mablag‘larning 10 foizi, shuningdek, mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining kamida 5 foizi maqsadli yo‘naltirilishi ko‘zda tutiladi.
Toshkent shahrida yashil hududlarni kengaytirish, har bir tumanda bittadan ekobog‘ barpo etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
2027 yil 1 yanvardan ko‘p kvartirali uylarning qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun belgilangan tartibda “Shaffof qurilish” tizimida beriladigan ruxsatnoma “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasida idoralararo integratsiya asosida avtomatik ravishda shakllanadi.