Ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablari tashkil etiladi
Ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablari tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga sifatli taʼlim olish imkoniyatini yaratish, ularni jamiyatga integratsiya qilish va individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi Ko‘p funksional inklyuziv-resurs markazi (Inklyuziv markaz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 1 tadan alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab yoki maktab-internatlar negizida Ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablari tashkil etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan Inklyuziv markaz tarkibida tajriba-sinov tariqasida inklyuziv-korreksion maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Unda boshlang‘ich sinflar uchun o‘quvchilarni moslashtirish, taʼlim va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirish, shuningdek, individual taʼlim rejasi asosida korreksion va qo‘shimcha mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan inklyuziv sinflar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Inklyuziv markazda umumtaʼlim maktablarining inklyuziv sinflarida taʼlim oluvchi nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun asosiy maktabdagi darslariga qo‘shimcha fan, kasb va korreksion mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 yanvardan Inklyuziv markazda davlat taʼlim tashkilotlari maxsus pedagoglarining bilim va ko‘nikmasini baholash uchun maxsus pedagoglarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.
2027/2028 o‘quv yilidan hududlarda bosqichma-bosqich Inklyuziv maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.