Konchilik vazirining birinchi o‘rinbosari Jahon banki bilan yer osti suvlarini boshqarish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari F. Xamidova, vazirlikning maʼsul xodimlari hamda Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari bo‘yicha amaliyoti menejeri Uinston Yu boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Jahon banki vakillari bilan yer osti suvlaridan oqilona foydalanish va ularni boshqarish mavzusi muhokama qilindi. Bu sohada Xitoy, Hindiston, Braziliya va Turkiya kabi mamlakatlarning tajribalari haqida maʼlumot berildi.
Jahon banki vakillari O‘zbekistonda yer osti suvlaridan foydalanishni nazorat qilish va tejash texnologiyalarini joriy qilish, shuningdek, 2025 – 2050-yillarga mo‘ljallangan yer osti suvlarini boshqarish va muhofaza qilish bo‘yicha Strategiya ishlab chiqish loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, mazkur loyihalarni Jahon banki tomonidan moliyalashtirilishi hamda grant mablag‘larining ajratilishi yuzasidan tomonlar o‘rtasida fikr almashildi.