Ko‘hna Buxoroda “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” festivallari bo‘lib o‘tdi

Ko‘hna Buxoroda “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” festivallari bo‘lib o‘tdi

Ko‘hna Buxoroda “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” festivallari bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qadimiy va hamisha navqiron Buxoroning milliy hajviya va yumor qahramoni Nasriddin Afandi bilan bog‘liq afsona va asotirlar, hikoyalar, hazil-mutoyiba xalqimizning asrlar davomida shakllangan donishmandligi, topqirligi hamda hayotiy tajribasini o‘zida mujassam etadi.

Ko‘hna va boqiy Buxoroda 1-aprel — Butunjahon kulgi kuni munosabati bilan “Nasriddin Afandi” hamda “Sharq taomlari” an’anaviy festivallari tantanali ravishda o‘tkazildi.

Ma’lumki, 1-aprel jahon miqyosida kulgi va hazil-mutoyiba kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana insonlar qalbiga quvonch ulashish, ijobiy kayfiyatni mustahkamlash va hayotga yengil nigoh bilan qarashga undashi bilan ahamiyatlidir. Qadimiy Buxoroda ham mazkur bayram o‘ziga xos ruhda nishonlanib, xalqona an’analar va zamonaviy madaniy tadbirlar uyg‘unligida o‘tdi. 

Joriy yilgi festival Nasriddin Afandi boshchiligidagi ishtirokchilarning “Poyi Kalon” majmuasi, “Ark” qo‘rg‘onidan “Nodir Devonbegi” madrasasigacha bo‘lgan masofaga milliy karvon yurishi bilan boshlandi. Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar, folklor etnografik xalq jamoalari, turli ertak qahramonlari, milliy qahramonlarning qiyofasi aks etgan katta-kichik qo‘g‘irchoqlar aholi, festival mehmonlari, ayniqsa, xorijiy sayyohlarning hayratini oshirdi.

Boy tarixga ega qadim yurtning turizm salohiyatini dunyo miqyosda keng namoyish etish, tarixiy qadriyatlarimiz targ‘ibotini yanada oshirishni o‘zida maqsad qilgan mazkur festivalga nafaqat mahalliy, balki, chet ellik mehmonlarning qiziqishlari ham ortib bormoqda. 

Tadbirning ramziy ochilish marosimi Nodir Devonbegi madrasasi hovlisida, Nasriddin Afandi haykali poyida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov so‘zga chiqib, festivalning ahamiyati va uning turizmni rivojlantirishdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi hamda barchani kulgi kuni bilan tabrikladi.

E’tirof etilganidek, Nasriddin Afandi — xalq og‘zaki ijodining beqiyos timsoli, zakovat va hazil orqali hayot haqiqatlarini yetkazuvchi siymo. Uning hikoyalari asrlar davomida xalqni kuldiribgina qolmay, odamlarni o‘ylashga, to‘g‘ri xulosa chiqarishga undab kelmoqda.

Shu bilan birga, “Sharq taomlari” festivali milliy oshxonamiz va umuman, Sharq xalqlari pazandalik san’atining noyob namunalarini namoyon etadi. Bu yerda har bir taom — tarix, har bir ta’m — madaniyat, har bir hid — an’anadir. Bunda mehmonlar turli xalqlar oshxonasi bilan yaqindan tanishib, ularning o‘ziga xos jihatlarini his qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Mana, 10 yildirki, Buxoroda zo‘r tantana qilinayotgan bu tadbirlar nafaqat madaniy merosimizni targ‘ib qilish, balki xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Festival doirasida Somoniylar maqbarasi oldida bo‘lib o‘tgan “Sharq taomlari” tanlovi ham esda qolarli bo‘ldi. Unda Buxoroning “sofi oshi” bilan tanilgan zo‘r oshpazlari o‘zaro bahslarga kirishib, mehmonlarni milliy taomlar bilan siyladilar.

Kun bo‘yi tadbirlarda xorijiy va mahalliy sayyohlar, mehmonlar e’tiboriga havola etilgan milliy hunarmandchilik hamda an’anaviy taomlar ko‘rgazmalari, konsert dasturi, ko‘ngilochar chiqishlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Mazkur festivallar Buxoroning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng namoyish etish, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu bois, ushbu bayram nafaqat ko‘ngilochar tadbir, balki jamiyatda ijobiy muhitni mustahkamlovchi, insonlarni birlashtiruvchi muhim madaniy voqea sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling