Valyuta kurslari 17/06/2025
$1 – 12715.13
UZS – -0,35%
€1 – 14730.48
UZS – 0,17%
₽1 – 161.75
UZS – 1,04%
Qidirish
O‘zbekiston 16/06/2025 Kobul Dusov 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Kobul Dusov 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida K. Dusovga (1984 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sudyasi A. Mirzaxanov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga muvofiq K. Dusov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mutasaddi va masʼullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

K. Dusovga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayilandi.

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

K. Dusov tomonidan “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida yaratilgan “Kabul Dusov” nomli profil hamda “Telegram” mesenjerida yaratilgan “Kobul Dusov/RASMIY KANAL/” nomli kanal faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling