Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi
Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2026 – 2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasi (1 odam o‘qiydigan kitob soni)ni yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish etib belgilandi.
Qarorga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va uning vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi.
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishi belgilandi:
- tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va asarlarini nashr etish, bolalar adabiyoti yo‘nalishidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
- tanlov orqali isteʼdodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida 1 yilgacha BHMning 50 baravari miqdorida har oy haq to‘lash;
- eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash;
- vasiylik kengashi aʼzolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash.
2026 yil 1 fevraldan: aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha “Kitob – maʼrifat manbai” dasturi amalga oshiriladi, davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi va transportlarda (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi.
Umumtaʼlim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi: klub aʼzolari o‘rtasida kitob tahliliga bag‘ishlangan debatlar o‘tkaziladi, maktablarda klub aʼzolariga yiliga kamida 20 ta kitob o‘qitib boriladi va har chorakda tuman(shahar) kesimida eng faol “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari aʼzolari rag‘batlantiriladi.
Qarorga ko‘ra, barcha vazirlik va idoralarda:
2026 yil 1 martga qadar tegishli soha bo‘yicha tavsiya etiladigan kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi;
har yili kamida 3 tadan kasbiy faoliyatga oid xorijiy adabiyotlarni mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilib, malakali mutaxassislar ishtirokida ularni izohlar, lug‘at va misollar bilan boyitish amaliyoti joriy etiladi;
2026 yil 1 aprelga qadar o‘zida va tizimidagi tashkilotlarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yiladi;
kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi joriy etiladi;
tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
Shuningdek, eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 talikka kiradigan o‘quvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.