KIND korporatsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
KIND korporatsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Korea Overseas Infrastructure & Urban Development Corporation (KIND) korporatsiyasi prezidenti va bosh direktori Kim Bokxvan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
KIND — 2018 yilda tashkil etilgan, xorijda investitsiya-developerlik va infratuzilma loyihalarini amalga oshiruvchi Koreya Respublikasining ixtisoslashtirilgan davlat muassasasidir.
O‘zbekistonda KIND bilan hamkorlikda Urganch xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha qo‘shma loyiha allaqachon boshlangan. Loyihaga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi 223 million dollarni tashkil etadi, koreyalik hamkorlar tomonidan loyiha ishlarini yakunlash joriy yilning ikkinchi choragi oxiriga qadar kutilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda «Tashkent Pharma Park» klasteri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi qo‘shma loyiha — «Smart-Bio klaster» muhokama qilindi. Ushbu loyihaning investitsiya hajmi 440 million dollardan ortiqni tashkil etadi.
Loyiha bio-industrial zona, ilmiy-tadqiqot R&D markazlari, bio AI-xablar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazlari, ijtimoiy infratuzilma hamda yashil hududlarni o‘z ichiga oladi. «Smart-Bio klaster»ni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish ishlarini 2026 yil oxirigacha boshlash rejalashtirilgan.
Jamshid Xodjayev KIND korporatsiyasiga mazkur strategik loyihalarni amalga oshirishdagi faol ko‘mak va bildirilgan qiziqish uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.