Kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimi takomillashtiriladi
Kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimi takomillashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasining 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qo‘mitasida Kiberxavfsizlikni taʼminlash bo‘limi tashkil etiladi.
2026 yil 1 apreldan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan byudjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hamda byudjet parametrlari doirasida zarur mablag‘lar kiberxavfsizlikni taʼminlash masalalariga yo‘naltiriladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining milliy axborot tizimlari va resurslarining zamonaviy kibertahdidlarga bardoshlilik darajasini oshirish maqsadida ularning kiberxavfsizlik borasidagi kamchiliklarini aniqlash bo‘yicha mustaqil ekspertlar ishtirokida tanlovlar o‘tkazib boriladi.
Mazkur tanlovlar Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadigan maxsus elektron platformada o‘tkaziladi.