Valyuta kurslari 27/06/2025
$1 – 12586.41
UZS – 0,44%
€1 – 14758.82
UZS – 1,52%
₽1 – 160.42
UZS – 0,38%
Qidirish
O‘zbekiston 27/06/2025 Kengashlar ijara, tariflar va kadrlar tayinlovlariga taʼsir o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi

Kengashlar ijara, tariflar va kadrlar tayinlovlariga taʼsir o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2030 yilgacha mahalliy vakillik hokimiyati organlarini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqladi va tuman hamda shahar xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarini kengaytirdi.

Hujjatning asosiy maqsadi mahalliy vakillik organlarining jamiyat va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarishdagi rolini mustahkamlash, hududlarni rivojlantirish uchun ularning masʼuliyatini oshirish, hamda hokimiyat darajalari o‘rtasidagi vakolatlar muvozanatini taʼminlovchi haqiqiy detsentralizatsiyaga erishishdan iborat.

Yangi Konsepsiyaga ko‘ra, Kengashlar davlat mulkidan foydalanish uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini belgilash, ayrim yo‘l kesimlarida harakat tezligini tartibga solish, shuningdek, dafn qilish xizmatlari uchun tariflarni tasdiqlash huquqini oladi.

Mehnat bozorida raqobatlasha olmaydigan yoki ish topishda qiynalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun maʼlum ish o‘rinlari sonini zaxira sifatida ajratish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mahalliy byudjetlarni shakllantirish jarayoniga ham o‘zgarishlar kiritiladi — Kengash deputatlari muayyan xarajat yo‘nalishlari bo‘yicha mablag‘ ajratish tashabbusini mustaqil ravishda ko‘tarishlari mumkin. Moliyaviy mustaqillikni oshirish maqsadida hududiy Kengashlarda hokimliklardan mustaqil hisob-kitob tizimi joriy etiladi, bu esa kotibiyatlarni samarali ishlashini taʼminlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, xokim o‘rinbosarligiga nomzodlar endi Kengashlarning doimiy komissiyalari muhokamasidan o‘tishi lozim bo‘ladi. Bu nomzodlar o‘z sohalaridagi rivojlanish rejasi va dasturi bilan deputatlar oldida chiqish qilishi shartligini anglatadi.

Konsepsiyada raqamli transformatsiyaga ham katta eʼtibor qaratilgan. Raqamli texnologiyalar vazirligiga “E-kengash” platformasini blokcheyn asosida hujjatlarni xavfsiz saqlash imkonini beruvchi shaklda yangilash topshirildi. Shu bilan birga, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish maqsadida Kengash raislari qarorlarni biometrik identifikatsiya (Face ID) orqali tasdiqlashlari kerak bo‘ladi.

Eʼtiborga loyiq jihat shundaki, Kengash qarorlarini tayyorlashda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish rejalashtirilgan bo‘lib, bu mahalliy boshqaruv qarorlarini qabul qilish tezligi va samaradorligini oshiradi.

Shu tariqa, tasdiqlangan Konsepsiya O‘zbekistonda hokimiyatni markazdan joylarga o‘tkazish islohotlari tarixida yangi sahifa ochadi. Kengashlar endilikda hududlarni rivojlantirish va aholi manfaatlarini himoya qilishga bevosita taʼsir o‘tkazish salohiyatiga ega bo‘lgan haqiqiy vakillik institutiga aylanmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling