Kam Air va Uzbekistan Airways yo‘nalishlarni kengaytirish maqsadida hamkorlikka kirishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘onistonning Kam Air aviakompaniyasi strategik interlayn hamkorligi haqida Uzbekistan Airways bilan shartnoma imzoladi. Bu kelishuv mintaqaviy va xalqaro aviaqatnovlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Hamkorlikning asosiy maqsadi Osiyo, Yevropa va AQSH o‘rtasidagi aviaqatnovlarni mustahkamlash, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va yo‘lovchilar uchun sayohat jarayonini yengillashtirishdan iborat.
Shartnoma doirasida yo‘lovchilar butun sayohatni yagona bilet orqali bron qilish, muvofiqlashtirilgan jadvallar va qisqartirilgan tranzit vaqtidan foydalanish, shuningdek yuklarni soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, hamkorlik Markaziy Osiyo, Yevropa va AQSH bo‘ylab yana-da ko‘plab shahar va yo‘nalishlarga kirish imkonini ochadi.
«Bu kelishuv yo‘lovchilarimizga sayohat qilishda yana-da ko‘proq qulaylik, kamroq tranzit vaqti va reyslar muvofiqlashuvining yaxshilanishini taʼminlaydi, — deya taʼkidladi Kam Air vakillari. — Uzbekistan Airways bilan hamkorlik barcha bosqichlarda qulay va xavfsiz parvozlarni kafolatlaydi».