Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Iqtisod 12/06/2025 JP Morgan, Morgan Stanley va Global Evolution vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

JP Morgan, Morgan Stanley va Global Evolution vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov JP Morgan, Morgan Stanley va Global Evolution kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

JPMorgan Chase & Co. moliyaviy xolding kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya investitsion bank faoliyati va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. J.P. Morgan JPMorgan Chase & Co. tarkibiga kiradi.

Morgan Stanley moliyaviy xizmatlar sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniya bo‘lib, investitsiya-bank faoliyati, qimmatli qog‘ozlar operatsiyalari, xususiy kapital va investitsiyalarni boshqarish bo‘yicha keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etadi.

Global Evolution ixtisoslashgan investitsiya kompaniyasidir. U Generali Investments tarkibiga kiradi.

Xorijiy tomondan JP Morgan ijrochi direktori Nikolay Aleksandru-Chideschuk, Morgan Stanley Investment Management kompaniyasining rivojlanayotgan bozorlar tahlilchisi Peter Secheni, shuningdek, investitsiyalar bo‘yicha direktor Kristian Mejrup qatnashdi. O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Ilhomjon Umrzakov va Xurshed Mustafayev, vazir maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda "UzAssets" boshqaruv raisi Bobur Abdinazarov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi, investitsion jozibadorlikni yanada oshirish, shuningdek, qulay tadbirkorlik muhitini yaratishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar haqida fikr almashdi. Mamlakatda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarini qo‘llagan holda amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xorijiy tomon makroiqtisodiy islohotlarning ijobiy dinamikasini yuqori baholab, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishilganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli sheriklikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi va iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni kengaytirishga tayyorliklarini ma’lum qildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling