Jizzaxda “Hududgaz” xodimi 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali yetakchi mutaxassisi Jizzax shahrida faoliyat yurituvchi MCHJda o‘tkazilgan tekshiruvda nosoz gaz hisoblash uskunasidan foydalanilganligini aniqlab, bu bo‘yicha tegishli dalolatnoma tuzadi.
Afsuski, u o‘z xizmat mavqeini suiisteʼmol qilib, tuzilgan dalolatnomani bekor qilish hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax shahar bo‘limi tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik masalasini hal qilib berish evaziga MCHJ vakilidan 6 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ushbu “yetakchi mutaxassis” so‘ralgan pul mablag‘ini “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, o‘tkazilgan laboratoriya tekshiruvi natijasiga ko‘ra, gaz hisoblagich tashqi taʼsir ko‘rsatilmagan holda nosoz holatga kelgan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dastlabki tergov harakatlari doirasida yetakchi mutaxassisni IJQKD Jizzax shahar bo‘limidagi “tanishi”ning shaxsiga aniqlik kiritilib, hozirda unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.