Jizzax viloyatida MODSNOW dasturi yordamida suv resurslarining monitoringi boshlandi
Jizzax viloyatida MODSNOW dasturi yordamida suv resurslarining monitoringi boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tashabbusi bilan suv resurslarini MODSNOW dasturi yordamida real-vaqt tartibida Jizzax viloyatida kuzatib borish yo‘lga qo‘yildi.
MODSNOW dasturi o‘zbekistonlik olim Abror G‘afurov tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, hozir dunyodagi 10 dan ortiq mamlakat hamda Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida suv resurslarini kuzatish va kutilayotgan suv resurslarining miqdorini aniqlashda qo‘llanilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida foydalaniladigan suv resurslarining aksariyat qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi va mamlakatimizga daryolar orqali oqib keladi. Markaziy Osiyoda yildan yilga o‘zgarib borayotgan gidrologik tartib hududimizda suv kam bo‘lgan yillarda qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Undan tashqari iqlim o‘zgarishi tufayli bahor va erta yoz oylarida qorlarning erta erishi hisobiga va yomg‘ir hisobiga har xil hududlarda sel va toshqinlarning kelib chiqish ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Joriy yilning 29-oktyabr kuni Jizzax viloyatida suv resurslari monitoringini takomillashtirish mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Jizzax viloyatidagi turli tashkilotlarning vakillari ishtirok etgan mazkur seminarda MODSNOW dasturidan amalda foydalanish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Shu yilning 22-dekabr kuni MODSNOW dasturi Jizzax viloyati Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havzasi boshqarmasida Zomin suv omboriga quyiladigan suv miqdorini hamda Sangzor daryosi havzasida shakllanayotgan suv miqdorini real-vaqt tartibida kuzatish uchun tatbiq etildi.
MODSNOW dasturi yordamida Jizzax viloyatida suv resurslarini boshqarishda quyidagi vazifalar yanada takomillashtiriladi:
• Jizzax viloyati Zomin suv ombori hamda Sangzor daryolaridagi suv resurslarining shakllanishi va miqdorini kunma-kun, oyma-oy real-vaqt tartibida kuzatib borish;
• bahor va yoz oylarida kutilayotgan suv miqdorini oldindan hisoblash va prognoz qilish;
• sel va toshqinlar kutiladigan hududlarni real-vaqt tartibida kuzatib borish va shu orqali tabiiy ofatlarning ta’sirini yumshatish uchun Erta ogohlantirish tizimi (Early Warning System) ga hissa qo‘shish;
• suv resurslaridan oqilona foydalanishda suv hosil bo‘ladigan manbadagi resurslarga tayangan holda suvdan foydalanishni yo‘lga qo‘yish.