Valyuta kurslari 18/09/2025
$1 – 12254.27
UZS – -0,25%
€1 – 14516.41
UZS – 0,01%
₽1 – 147.89
UZS – -0,49%
Qidirish
Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi

Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi

Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat kadastrlar palatasining Jizzax viloyatidagi tumanlardan biridagi filiali boshlig‘i tuman hokimligi tomonidan o‘zining turmush o‘rtog‘i nomiga sotish huquqisiz, ijara shartnomasi asosida ajratilgan 42 sotix yer maydonini xaridorga sotib, keyinroq hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 28 ming AQSH dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1974 y.t. fuqaro Davlat kadastrlar palatasining Jarqo‘rg‘on tumani filiali kadastr muhandisi bilan til biriktirib, o‘zi tomonidan noqonuniy egallab olingan, aslida Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini xaridorga 200 mln so‘mga sotishga va 4 mln so‘m evaziga uning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishga kelishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1974 y.t. fuqaro 200 mln so‘mni, kadastr muhandisi esa 4 mln so‘mni olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining raisi o‘zganing nomida bo‘lgan 15 sotix maydondagi yakka tartibdagi turar-joyni va unga tutash joylashgan davlat zaxirasidagi 1 gektar 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 150 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 50 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling