Jismoniy tarbiya va sport to'g'risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o'qishda qabul qilindi
Jismoniy tarbiya va sport to'g'risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o'qishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli o‘tkazib borish, sport turlarini e’tirof etish va ularning reyestrini yuritish tartibini takomillashtirish, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish choralari belgilanmoqda.
Shuningdek, Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalarining huquqiy maqomi va vakolatlari, Paralimpiya, Surdlimpiya, Maxsus olimpiya va Ko‘zi ojizlar sporti harakatlariga doir masalalar qonun darajasida belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, Sport federatsiyalarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari, sport klublari va sport ligalarining huquqiy maqomi va faoliyat yuritish tartibi, trener, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham aks etmoqda.
Qonun loyihasi bilan Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi ham belgilanib, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi takomillashtirilmoqda. Qolaversa, ish beruvchilar xodimlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratishi ko‘zda tutilyapti. Sport sohasidagi nizolarni esa sudgacha hal etish tartibini joriy qilish nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.