Jenevada XMT Xalqaro mehnat standartlari departamenti direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) Xalqaro mehnat standartlari departamenti direktori Korinn Varga bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro mehnat konvensiyalarini ratifikatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borayotgani taʼkidlandi. Jumladan bugungi kunga qadar 25 ta konvensiya va 1 ta bayonnoma ratifikatsiya qilingan.
Joriy tashrif yakunlari bo‘yicha XMT departamenti tavsiyalarini inobatga olgan holda maxsus “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi qayd etildi. O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturini amalga oshirish doirasida barcha rejalar, shu jumladan mehnat inspeksiyasi institutini yana-da rivojlantirish bo‘yicha vazifalar bajarilmoqda.
O‘z navbatida, Korin Varga O‘zbekiston mehnat huquqlarini taʼminlashda erishgan yutuqlarini yuqori baholadi. Mamlakatimiz Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro standartlarga sodiqligini namoyon etayotgan ishonchli hamkoriga aylangani taʼkidlandi. Uning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston mehnat inspeksiyasi tizimi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishi mumkin va XMT har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor.
Shuningdek, munosib mehnatni taʼminlash va xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha O‘zbekistonning muvaffaqiyatli tajribasini ommalashtirish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining muloqoti, ayollar forumlari, shuningdek, mintaqa kasaba uyushmalarining ittifoqlararo muloqoti kabi xalqaro platformalaridan foydalanish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.