Jenevada O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Jenevada O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 16 dekabr kuni Jenevadagi Millatlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan va mamlakatning yangi tahrirdagi Asosiy qonunida mustahkamlangan muhim o‘zgarishlarni muhokama qilishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi. U "Inson qadr-qimmati va ijtimoiy adolat: yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – inson huquqlari kafolati sifatida" mavzusidagi munozara shaklida tashkil etildi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, O‘zbekiston Respublikasining BMTning Jenevadagi bo‘linmasi huzuridagi doimiy vakili E.Toshmatov, Jeneva Diplomatik doirasi prezidenti F.Blyum, Diva International jurnali bosh muharriri Marit Fosse, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari – jami 50 dan ortiq kishi ishtirok etdi.
A.Saidov yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining asosiy qoidalari haqida to‘xtaldi. Ushbu normalar qonun ustuvorligi prinsiplarini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish, parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari rolini kengaytirishga qaratilgan. Shaxsiy huquqlarni himoya qilish, raqamli va ekologik huquqlarni takomillashtirish, davlat organlari faoliyatining shaffofligini oshirish, konstitutsiyaviy ong madaniyatini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga oid yangiliklarga alohida eʼtibor qaratildi, deya qayd etdi O‘zbekiston vakili.
Robert F.Blyum o‘z nutqida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga yuqori baho berar ekan, uning inson huquqlarini mustahkamlashga, ijtimoiy adolatga va zamonaviy xalqaro standartlarga mosligini taʼkidladi. U O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohoti demokratik yangilanish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lganini va zamon talablariga javob berishini, mamlakatning ochiq muloqotga va huquqiy institutlarni yana-da rivojlantirishga tayyorligini namoyon qilganini eʼtirof etdi.
Ishtirokchilar yangi tahrirdagi Konstitutsiya keng umumxalq muhokamasi natijasi bo‘lib, mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yirik institutsional-huquqiy islohot mevasi ekanligini taʼkidladilar. Ushbu yangilangan Asosiy qonun mamlakatning davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, demokratik institutlarni mustahkamlash va inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga mos keladigan barqaror huquqiy muhitni yaratishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquqlari sohasidagi uzoq muddatli dasturlarni, jumladan, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish uchun asos yaratishi, O‘zbekistonning BMT va boshqa hamkorlar bilan xalqaro aloqalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi ham qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatida taʼkidlaganidek, xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri, erkin xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyada mustahkamlangan norma va tamoyillar, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamizga ulkan kuch-qudrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir doirasida kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy islohotlariga bag‘ishlangan maxsus risola ishtirokchilarga taqdim etildi.