Valyuta kurslari 09/07/2025
$1 – 12712.09
UZS – 0,28%
€1 – 14927.81
UZS – 0,36%
₽1 – 162.64
UZS – 1,0%
Qidirish
O‘zbekiston 09/07/2025 Jeffri Saks O‘zbekistonda SDG monitoringi seminarida ishtirok etdi

Jeffri Saks O‘zbekistonda SDG monitoringi seminarida ishtirok etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8–9-iyul kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va Fransiya Taraqqiyot Agentligi (AFD) hamkorligida “O‘zbekistonda hududlarda Barqaror rivojlanish maqsadlarini monitoring qilish bo‘yicha salohiyatini oshirish bo‘yicha seminar-trening” bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) Prezidenti, AQShning Kolumbiya universiteti professori, dunyoga mashhur iqtisodchi Jeffrey Sachs ishtirok etdi.

Professor Sachs o‘z ma’ruzasida global miqyosda SDG’lar (BRM)ga erishishdagi dolzarb chaqiriqlar, O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari va hududiy monitoring tizimlarining ahamiyati haqida to‘xtaldi. U O‘zbekiston tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholab, xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Tadbirda, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjaev, AFD direktori o‘rinbosari Antoin Chevalier, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mahl hamda davlat organlari, ilmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Seminar davomida ishtirokchilarga BRMning mazmun-mohiyati va O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, O‘zbekiston umumiy BRM indeksi bo‘yicha dunyo reytingida 62-o‘rinda qayd etilgan bo‘lib, mamlakatning o‘rtacha ko‘rsatkichi 73,1 ballni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich mintaqa o‘rtacha darajasi (72,0)dan yuqori bo‘lib, 2015-yildan buyon +12,1 ballga o‘sishini ko‘rsatmoqda.

Tadbir doirasida BRM monitoring platformalarini ishlab chiqish, geoma’lumotlar va zamonaviy statistik vositalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda yer resurslaridan foydalanish yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Professor Sachs va Fransiya Taraqqiyot Agentligi bilan birgalikda Barqaror rivojlanish maqsadlarini hududlar darajasida monitoring qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur hamkorlikni mamlakatimizning barqaror va inklyuziv rivojlanish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etadi va ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanligini bildiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling