Javohir Sindarov Nakamurani mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi

Javohir Sindarov Nakamurani mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi

Javohir Sindarov Nakamurani mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 3 aprel kuni o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov shaxmat bo‘yicha 2026 yilgi Nomzodlar musobaqasining beshinchi turida amerikalik Xikaru Nakamurani qora donada o‘ynab mag‘lub etdi.

Bu Sindarovning turnirdagi to‘rtinchi g‘alabasi bo‘ldi. Besh turdan so‘ng u mumkin bo‘lgan 5 ochkodan 4,5 ochko to‘plab, yakka peshqadamlikni saqlab qolmoqda hamda Nomzodlar musobaqasi tarixida bunday natijali start qayd etgan birinchi o‘yinchiga aylandi.

Nakamuraga qarshi partiyada hal qiluvchi palla debyut bosqichi bo‘ldi. Amerikalik grossmeyster 13-yurish — h4 uchun bir soatdan ortiq vaqt sarfladi, biroq bu eng maqbul davomni topish imkonini bermadi. Avvalgi turda Fabiano Karuanaga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi, Sindarov vaqt va pozitsion ustunlikka ega bo‘ldi, shundan so‘ng bosimni izchil kuchaytirib, partiyani oxirigacha nazorat qildi.

Beshinchi turning boshqa uchrashuvlarida Karuana Mattias Blyubaumni mag‘lub etdi, Rameshbabu Praggnanandxa — Andrey Yesipenko hamda Anish Giri — Vey I o‘yinlari esa durang bilan yakunlandi. Oltinchi turda, 4 aprel kuni, Sindarov qora donada Vey Iga qarshi o‘ynaydi.

2026 yilgi Nomzodlar musobaqasi 29 martdan 15 aprelgacha Kiprda o‘tkazilmoqda. Musobaqada dunyoning eng kuchli sakkiz nafar grossmeysteri, jumladan Nakamura, Karuana va O‘zbekistondan debyutant Sindarov ishtirok etmoqda.

O‘yinchilar ikki davradan iborat bahslarda 500 ming yevro mukofot jamg‘armasi hamda amaldagi jahon chempioni — hindistonlik Dommaraju Gukeshga qarshi jahon shaxmat toji uchun bellashish huquqi uchun kurashmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling