“Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumani hududiga xos bo‘lgan “Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Taom hududning issiq va quruq iqlimi, yaylovda boqilgan hisori qo‘zilari go‘shti, shuningdek archa shohlari bilan tandirda pishirish texnologiyasi bilan ajralib turadi. “Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” odatda 1,5–2 soat davomida +400 °C atrofida qizdirilgan yer tandirda bug‘ va issiqlikda pishiriladi.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi “Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” nomi va an’anaviy tayyorlash usulini huquqiy himoya qiladi, sifat standartlarini mustahkamlaydi hamda Surxondaryoning hududiy gastronomik brendini keng targ‘ib etish imkonini yaratadi.
Geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligini bildiruvchi va aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy hamda ijtimoiy-madaniy omillari bilan bog‘liq alohida sifat va obro‘ni kafolatlaydigan intellektual mulk obyekti.