Janubiy Koreyaning DK Consulting kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika zavodi quradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 9 iyul kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va “DK Consulting” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “DK Consulting” kompaniyasining O‘zbekiston hududida zamonaviy farmatsevtika ishlab chiqarish obyektini barpo etish bo‘yicha rejalari muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari loyiha doirasida arxitektura, dizayn va qurilish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirayotgani va qurilish jarayonini joriy yilning oxirida boshlash niyatida ekanliklarini bildirdilar.
Agentlik direktori o‘z navbatida, loyiha bo‘yicha barcha zarur idoraviy kelishuvlarni amalga oshirishda, qurilish va ishlab chiqarish jarayonlarini milliy va xalqaro talablar, jumladan, GMP va EU-GMP standartlariga muvofiqligini taʼminlashda texnik va institutsional yordam ko‘rsatishga tayyorligini maʼlum qildi.
Hozirgi vaqtda loyiha bo‘yicha ishlar belgilangan jadval asosida olib borilmoqda va hech qanday kechikishlar mavjud emasligi taʼkidlandi.