Janubiy Koreya granti asosida O‘zbekiston 100 ta zamonaviy tez yordam avtomobilini oladi
Janubiy Koreya granti asosida O‘zbekiston 100 ta zamonaviy tez yordam avtomobilini oladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida 100 ta zamonaviy tez tibbiy yordam avtomobilini yetkazib berish bo‘yicha grant ajratish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Xususan, safar doirasida vakillarimiz Koreya Respublikasining “DK Consultants” kompaniyasi masʼullari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda sog‘liqni saqlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv asnosida mamlakatimizda “103” xizmatini yana-da takomillashtirish maqsadida kompaniya tomonidan ajratiladigan grant mablag‘i hisobidan 100 ta tez tibbiy yordam avtomashinasini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 7 million AQSH dollariga teng memorandum imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, mazkur zamonaviy rusumdagi transport vositalarini 2026 yilning birinchi yarmida xarid qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, muloqotda Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga olish hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endikrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy davolash binosini barpo etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Uchrashuvda mezbon tomon O‘zbekiston tibbiyoti transformatsiyasi jarayonida faol qatnashayotganidan mamnunligini hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildirdi.