Janubiy Koreya brendi O‘zbekiston charmini tanladi – “Iz Leather” bilan eksport muzokaralari boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko‘magida Guangzhou–2025 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi qator xalqaro hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Ushbu muloqotlar orasida Janubiy Koreyaning Iz Leather kompaniyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuv alohida e’tiborga molik bo‘ldi.
Janubiy Koreyaning Gyeonggi-do viloyatida joylashgan Iz Leather kompaniyasi — charm mahsulotlari va aksessuarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy koreys brendi. Kompaniya O‘zbekistonning “Hamkor Nur Savdo” MCHJ bilan tayyor charm mahsulotlarini eksport qilish, ularni OEM asosida Koreyada qayta ishlash va sotish bo‘yicha muloqot boshladi.
“Namuna qabul qilindi. Umid qilamizki, sinov natijalari ikki tomonlama ishonchni yanada mustahkamlaydi,” — deydi Iz Leather rahbari C.H. Lee.
“Hamkor Nur Savdo” MCHJ tomonidan tayyorlangan charm mahsuloti Iz Leather kompaniyasiga namoyish etildi va sinov uchun qabul qilindi. Mahsulot sifat, tuzlash texnologiyasi, ko‘rkamlilik va bozor talablariga moslik jihatidan baholanadi. Bu jarayon eksport bo‘yicha kelishuvlarga yo‘l ochuvchi ilk bosqich sifatida baholanmoqda.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi nafaqat Janubiy Koreya, balki Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan ham samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan:
Dongguan Liangqiang Machines Co., Ltd bilan avtomatlashtirilgan uskuna yetkazib berish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi
Guangdong Ruizhou Technology Co., Ltd bilan aqlli CAD/CAM tizimlari va texnologik hamkorlik yuzasidan fikr almashildi
Lifeng Automation bilan ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilish va muhandislik servislarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi
Mazkur uchrashuvlarda DSM International, Nafis Charm, Margilon Sara Teks, IBRO Modern Shoes kabi O‘zbekiston kompaniyalari faol ishtirok etdi.
“Har bir uchrashuv — yangi sanoat eshigi. Bizga ishonishmoqda, biz esa tayyormiz,” — deydi delegatsiya rahbari A. Sultanov.
Shoes & Leather – Guangzhou 2025 ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekiston charm sanoatining xalqaro sheriklik va texnologik integratsiyaga tayyorligini ko‘rsatdi. Iz Leather bilan boshlanayotgan hamkorlik esa Janubiy Koreya bozoriga sifatli o‘zbek mahsulotlari bilan chiqish yo‘lidagi amaliy qadam sifatida tarixga kirishi mumkin.