Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasi belgilandi
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi tomonidan "Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qo‘yiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaror davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur hujjat bilan yuqori ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirga ega yirik tijorat tashkilotlari tomonidan yillik moliyaviy hisobotlarini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) muvofiq taqdim etish talabi yengillashtirildi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar sifatida quyidagilar belgilanmoqda:
- Aksiyalari ommaviy savdolarga chiqariladigan tashkilotlar;
- Tijorat banklari, mikromoliya banklari, mikromoliya tashkilotlari, faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari;
- Investitsiya fondlari;
- Birjalar;
- Aktivlarining balans qiymati BHMning 1 mln baravaridan ortiq hamda mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik sof tushumi va dividend shaklidagi daromadlari birgalikda BHMning bir million baravaridan ortiq bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxonalar;
Oxirgi 2 yil davomida hisobot yili yakunlariga ko‘ra:
- aktivlarining balans qiymati BHMning 1 mln baravari va undan ortiq;
- yillik sof tushumi BHMning 1 mln baravari va undan ortiq;
- xodimlarining o‘rtacha yillik soni 500 nafardan kam bo‘lmagan tashkilotlar.
Endilikda, yuqoridagi mezonlarga tushadigan tashkilotlar Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritiladi.
Mazkur Reyestr Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yuritiladi hamda har yili 1 iyulga qadar Hukumat portali yagona platformasi hamda Ochiq maʼlumotlar portalida eʼlon qilinadi.