Jahon banki Toshkentda davlat xaridlari tizimini isloh qilish bo'yicha seminar o'tkazdi
Jahon banki Toshkentda davlat xaridlari tizimini isloh qilish bo'yicha seminar o'tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Jahon banki vakolatxonasida davlat xaridlari tizimini isloh qilish masalasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Tadbir Bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida xaridlar bo‘yicha amaliyot menejeri Felipe Goyaning tashrifi doirasida tashkil etildi.
Seminarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, elektron davlat xaridlari platformalari hamda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilari bir qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar, jumladan:
Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan Davlat xaridlari tizimini baholashning asosiy xulosalari, shu jumladan davlat xaridlari sohasidagi islohotlarning joriy holati, ushbu sohaning rivojlanishidagi asosiy to‘siqlar va uni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar;
O‘zbekistonda Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan alohida o‘tkazilgan davlat organlarining xaridlar sohasidagi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha tadqiqotlarning asosiy natijalari;
Elektron davlat xaridlari (eGP) tizimlarini alohida sohalarda joriy etish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar, shu jumladan xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan mamlakat rasmiylariga kerakli ko‘mak ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar;
O‘zbekistonda turli davlat ehtiyojlari uchun ekologik toza va energiya tejamkor tovarlar hamda xizmatlarni xarid qilishga ustuvorlik beruvchi “yashil” davlat xaridlarini rivojlantirish amaliyoti, shuningdek ushbu sohadagi tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishini kuzatib borish uchun ishonchli mexanizmlarni yaratish.