Jahon banki Oʻzbekistonda Uzoq muddatli kam uglerodli rivojlanish yoʻlini taqdim etdi
Jahon banki Oʻzbekistonda Uzoq muddatli kam uglerodli rivojlanish yoʻlini taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-dekabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida Jahon banki tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Uzoq muddatli kam uglerodli rivojlanish imkoniyatlari va yo‘llari” nomli hisobotining yakuniy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev hamda Jahon bankining O‘zbekistondagi loyiha koordinatori Anastassiya Aleksandrova kirish so‘zlari bilan ochib berdi hamda mamlakatning kam uglerodli rivojlanish zarurati va mohiyati haqida so‘z yuritdi.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo hududlarida atrof-muhit bo‘yicha katta iqtisodchisi Yelena Golub hamda Energetika siyosati va rejalashtirish bo‘yicha ekspert Jorj Vourliotakis o‘z taqdimotlarida iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha tahlil va kam uglerodli rivojlanish yo‘llari va imkoniyatlari, uglerod neytralligiga erishish uchun moliyalashtirish imkoniyatlari, tarmoqlarning kam uglerodli rivojlanish maqsadli ko‘rsatkichlari hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berdi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchi direktori Anvar Nasritdinov mamlakatni 2055-yilga qadar kam uglerodli rivojlantirish bo‘yicha maqsadlarga erishish uchun tarmoqlar kesimidagi investitsiya rejasini ishlab chiqish holati yuzasidan taqdimot qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari tomonidan vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan “O‘zbekiston Respublikasini 2055-yilgacha kam uglerodli rivojlantirish va uglerod neytralligiga erishish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari kam uglerodli rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha mavjud savollariga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi. Mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan keyingi qadamlar kelishib olindi.