Jahon banki O'zbekistondagi yo'llar uchun 200 million dollar ajratdi
Jahon banki O'zbekistondagi yo'llar uchun 200 million dollar ajratdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan 200 mln dollarlik loyihani ma’qulladi.
U M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining rekonstruksiya qilingan qismi bo‘ylab biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi. Loyiha, shuningdek, mamlakat rasmiylariga transport sektorida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi.
Yalpi ichki mahsulotning qariyb 8 foizini va 1 millionga yaqin kishining bandligini ta’minlaydigan O‘zbekiston transport sektori so‘nggi o‘n yil ichida o‘z faoliyati natijalarini sezilarli darajada yaxshiladi. Xususan, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan va xuddi shunday davlatlar bilan o‘ralgan O‘zbekiston Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida 2014-yildagi 129-o‘rindan 2023-yilda o‘z hududi ichida va uning chegaralari orqali tovarlarni tashish tezligi va ishonchliligi bo‘yicha baholangan 139 ta davlat orasida 88-o‘ringa ko‘tarildi.
Shu bilan birga, mashinalar sonining jadal o‘sishi yo‘l infratuzilmasi rivojlanishidan ancha oldinda bo‘lib, O‘zbekiston transport tarmog‘iga yuklamani oshirmoqda. Prognozlarga ko‘ra, mamlakat hududi bo‘ylab yuk tashish hajmining kutilayotgan o‘sishini qoplash uchun yo‘llarning o‘tkazuvchanligini sezilarli darajada, 2030-yilga kelib taxminan 500 foizga va 2050-yilga kelib 1400 foizga oshirish kerak bo‘ladi.
“Aholi bandligini va xizmatlardan foydalanishini ta’minlash, ichki va xalqaro savdoni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirish uchun samarali hamda xavfsiz avtomobil va temir yo‘llar tarmog‘ini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega,” – deya ta’kidlaydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin. – “Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi loyiha doirasida biz O‘zbekistonning transport infratuzilmasi va xizmatlari sifatini oshirish, shuningdek transport sohasini isloh qilish boʻyicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz”.
Besh yillik loyiha quyidagilarni o‘z ichiga oladi: Surxondaryo viloyatidagi M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining 91 kilometr qismini rekonstruksiya qilishda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Avtoyo‘linvest” agentligini qo‘llab-quvvatlash. Bu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikasi va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud 2 qatorli trassa 4 qatorli bo‘ladi.
Yo‘lning ushbu qismi ta’miri yakunlangach, undan kuniga 35 mingga yaqin haydovchi va yo‘lovchilar foydalanadi. Avtomagistral, shuningdek, yondosh hududlarning taxminan 550 ming aholisi uchun transport xizmatlari va iqtisodiy imkoniyatlardan kengroq foydalanishni ta’minlaydi. Bunday imkoniyatlarga ta’mirlangan yo‘l bo‘ylab biznesning rivojlanishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi kiradi.
Loyiha yo‘l qoplamasi sifatini yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligi va avtobus bekatlarining qulayligini oshirish bo‘yicha qurilish ishlarini moliyalashtiradi. Shuningdek, suv toshqini xavfidan himoya qiluvchi 180 ga yaqin ko‘prik va drenaj inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Ushbu chora-tadbirlar avtomobil yo‘lining rekonstruksiya qilinayotgan qismida yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlari sonini kamaytirishga, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirishga (aholi punktlaridan tashqarida o‘rtacha harakat tezligi 65 dan taxminan 90 km/soatgacha oshadi) va yo‘lovchi hamda yuk tashishning ishonchliligini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining O‘zbekistonning boshqa hududlari va qo‘shni davlatlar bilan transport aloqalari mustahkamlanadi.
Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda ko‘maklashish. Ushbu hujjat davlat organlarining transport xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” bo‘ladi. Strategiya yo‘lovchi va yuk tashishni yaxshilash uchun ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga, shuningdek, har xil transport turlari ishini muvofiqlashtirishga yordam beradi. Hujjat transport sektorining ta’minot zanjiridagi uzilishlar va ob-havo xatarlariga chidamliligini oshirish, shuningdek, sohada chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha iqtisodiy jihatdan samarali yechimlarni joriy etish choralarini o‘z ichiga oladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi) biznes-jarayonlarini, jumladan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, moliyaviy shaffoflikni oshirish, yo‘lovchi tashishni rejalashtirish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish. Ushbu chora-tadbirlar kompaniyaning operatsion samaradorligi va faoliyati natijadorligini oshiradi, shuningdek, uni yanada rivojlantirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish salohiyatini mustahkamlaydi.
Ushbu loyiha tadbirlarining amalga oshirilishi transport, savdo, turizm va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shimcha va yanada sifatli ish o‘rinlarini yaratish, yo‘lovchi va tranzit yuk tashish hajmini oshirish, transport sektori daromadlarini ko‘paytirish, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi salohiyatidan yanada samarali foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.