Valyuta kurslari 23/01/2026
$1 – 12136.92
UZS – 0,12%
€1 – 14191.70
UZS – 0,03%
₽1 – 159.99
UZS – 2,3%
Qidirish
Jahon banki Markaziy Osiyoda umumiy elektr energiyasi bozorini yaratish bo'yicha 10 yillik dasturni tasdiqladi

Jahon banki Markaziy Osiyoda umumiy elektr energiyasi bozorini yaratish bo'yicha 10 yillik dasturni tasdiqladi

Jahon banki Markaziy Osiyoda umumiy elektr energiyasi bozorini yaratish bo'yicha 10 yillik dasturni tasdiqladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi “Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlari integratsiyasi” (REMIT) dasturini tasdiqladi.

Dasturni amalga oshirish 10 yil davom etadi. U uch bosqichga bo‘lingan bo‘lib, ularning asosiy maqsadi mintaqa energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Dastur Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish, savdoni rivojlantirish, elektr uzatish tizimlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining mintaqa mamlakatlari energiya tizimlariga keng ko‘lamli integratsiyasi uchun asos yaratishga qaratilgan.

REMIT dasturining birinchi bosqichi doirasida Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining “Energiya” muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markaziga dastur doirasida tegishli chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 143,2 million dollarlik grantlar va imtiyozli kredirlar ajratiladi. Ushbu mablag‘larning 140 million dollari Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) resurslaridan va 3,2 million dollari Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi (CAWEP) grantlari ko‘rinishida ajratiladi.

Markaziy Osiyoda elektr energiyasiga bo‘lgan talab tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda va hozirgi tendensiyalardan kelib chiqib, 2050-yilga borib ushbu talab uch barobar oshishi mumkin. Mintaqa iqtisodiyotining o‘sishi, aholi sonining ko‘payishi, sanoat rivojlanishi va shaharlarning kengayishi bilan arzon, ishonchli va barqaror energiyaga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

Energiya xavfsizligi va hamyonbopligini oshirish uchun sezilarli salohiyat borligiga qaramay, Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi hali ham cheklanganligicha qolmoqda va elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy talabning atigi 3 foizini tashkil etadi. Garchi mintaqa bir-birini to‘ldiruvchi va boy toza energiya resurslariga ega bo‘lsa-da, qayta tiklanadigan energiya manbalari elektr energiyasi ishlab chiqarishning atigi 4 foizini tashkil etadi va ushbu manbalarning salohiyatidan haligacha to‘laligicha foydalanilmaydi.

REMIT dasturi mintaqaning bir-birini to‘ldiruvchi energiya resurslaridan, jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikistondagi gidroenergetika, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida o‘sib borayotgan quyosh va shamol energiyasi salohiyatidan foydalanishga qaratilgan.

Keyingi o‘n yil ichida REMIT dasturi elektr energiyasi savdosi hajmini yiliga kamida 15 000 GVt/soatgacha oshirishga yordam beradi – bu butun Markaziy Osiyo bo‘ylab millionlab odamlarning yillik ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli bo‘ladi. Shuningdek, u elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik quvvatini 16 GVt gacha uch baravardan ko‘proqqa oshirishga, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining energiya tizimlariga 9 GVt gacha toza energiya quvvatlarini integratsiya qilishga yordam beradi. Mintaqaviy energetika integratsiyasini mustahkamlash yanada muvozanatli va barqaror energiya tizimini yaratish, elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish, uy xo‘jaliklari va biznes uchun energiya narxini pasaytirish imkonini beradi.

“REMIT dasturi Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratishga bo‘lgan tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu energiya resurslaridan, jumladan, transchegaraviy toza energiya almashinuvi orqali yanada samarali foydalanish, energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish, aholi va biznes uchun elektr energiyasini arzonlashtirish, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi,” – deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin. “2050-yilga kelib, kengroq energiya integratsiyasi va elektr savdosini rivojlantirish mintaqaga 15 milliard dollargacha iqtisodiy foyda keltirishi mumkin”.

REMIT dasturini moliyalashtirishning umumiy taxminiy hajmi 1,018 milliard dollarni tashkil etadi va uni uch bosqichda amalga oshirishni nazarda tutadi. Ushbu mablag‘lar Markaziy Osiyoda mintaqaviy elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish va ishga tushirish, mintaqaviy elektr energiyasini uzatish infratuzilmasini mustahkamlash, energiya tarmoqlarining ishonchliligini oshirish uchun raqamli tizimlarni joriy etish, shuningdek, energetika sohasida mintaqaviy institutlar va muvofiqlashtirishni kuchaytirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, dastur doirasidagi investitsiyalar mintaqa mamlakatlariga energetika infratuzilmasini qurish sohasida ham, mintaqaviy elektr energiyasi bozorini boshqarish sohasida ham yuqori malakali mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi.

“Kuchaytirilgan energiya tarmog‘iga asoslangan Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozorining ishga tushirilishi energiya xavfsizligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarining keng ko‘lamli integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash va xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. Birinchi bosqich doirasida energiya tarmog‘iga 900 MVtga yaqin yangi toza energiya quvvatlarining integratsiyalashuvi ta’minlanishi kutilmoqda, bu esa qariyb 700 million dollar xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. Qayd-etilgan chora-tadbirlar ushbu jadal rivojlanayotgan mintaqada yanada ishonchli va integratsiyalashgan energiya tizimi uchun poydevor yaratadi,” - dedi Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida infratuzilma masalalari bo‘yicha direktori Charlz Kormye.

REMIT dasturining keyingi bosqichlari yuqorida qayd etilgan natijalarga tayangan holda mintaqaviy elektr energiyasi bozori ko‘lamini kengaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini va mintaqaviy infratuzilmani raqamlashtirishni kuchaytirish, shuningdek, tegishli mintaqaviy institutlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash imkonini beradi.

Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida elektr energiyasi almashinuvini muvofiqlashtirish vakolatiga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarining “Energiya” muvofiqlashtirish dispetcherlik markazi bozor va institutsional chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi, elektr energiyasini uzatish bo‘yicha milliy kompaniyalar esa REMIT dasturi doirasida infratuzilmaviy investitsiyalarni amalga oshiradi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika vazirliklari va ijro etuvchi agentliklarini o‘z ichiga olgan Mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasi REMIT dasturining amalga oshirilishi ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi.

Muharrirlar uchun qaydlar

Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi (CAWEP) – Jahon banki tomonidan Yevropa Ittifoqi, Shveysariya va Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda boshqariladigan donorlik maqsadli jamg‘armasi hisoblanadi. Dastur mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida suv va energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling