Izmirda 4-qavatdan qulab tushgan o‘zbekistonlik ayol shifoxonaga yotqizildi
Izmirda 4-qavatdan qulab tushgan o‘zbekistonlik ayol shifoxonaga yotqizildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi maʼlum qilishicha, Namangan viloyatidan bo‘lgan 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Sevdora Hakimjonova Izmir shahrida yashagan ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidan qulab tushishi oqibatida og‘ir jarohatlar olgan.
Hozirda u davlat shifoxonasida davolanmoqda, uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Maʼlum bo‘lishicha, jabrlanuvchi Turkiya fuqarosi bilan islomiy nikoh asosida turmush qurgan bo‘lib, ushbu nikoh rasman ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Nikoh marosimi Namangan viloyatining Chust tumanida o‘tkazilgan. Eri va Sevdora Hakimjonovada eshitish va nutq bilan bog‘liq nuqsonlar mavjud.
Ushbu holat yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hodisaning barcha holatlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda, materiallar prokuratura tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiyaning tegishli idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, fuqaroning sog‘lig‘i holati va tergov jarayonlarini nazorat qilmoqda.