Valyuta kurslari 22/05/2025
$1 – 12937.93
UZS – 0,35%
€1 – 14665.14
UZS – 1,05%
₽1 – 161.10
UZS – 0,47%
Qidirish
Iqtisod 22/05/2025 ITG Group va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi paxta-toʻqimachilik va yengil sanoatda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan

ITG Group va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi paxta-toʻqimachilik va yengil sanoatda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan

 Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov Xitoyning yirik investitsiya kompaniyalaridan biri — “ITG Group” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yildan-yilga rivojlanib borayotgani, ayniqsa paxtachilik yo‘nalishida o‘zaro aloqalar izchil kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Muhokamalar chog‘ida paxta-to‘qimachilik va yengil sanoatni rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan dronlar va zamonaviy texnikalarni ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama markazida bo‘ldi. Xitoylik mutaxassislar O‘zbekistonda mavjud bozor, infratuzilma va ishlab chiqarish salohiyatini tahlil qilayotganliklarini, shu bilan birga aniq takliflar tayyorlash ustida ish olib borayotganliklarini ma’lum qilishdi.

Uchrashuvda Akmal Qosimov Qishloq xo‘jaligi vazirligi xorijiy investorlar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi.

Muloqot yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarida amaliy chora-tadbirlarni belgilab olish va istiqbolli loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling