Italiya kompaniyalari Toshkent traktor zavodining salohiyatini baholadilar

Italiya kompaniyalari Toshkent traktor zavodining salohiyatini baholadilar

Italiya kompaniyalari Toshkent traktor zavodining salohiyatini baholadilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” biznes-forumi doirasida xalqaro delegatsiya a'zolari “Toshkent traktor zavodi” MCHJga tashrif buyurdilar.

Mazkur tashrif forum ishtirokchilariga mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi yirik korxonaning texnik salohiyati, innovatsion ishlab chiqarish tizimi va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuvda Turkmaniston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Berkeli Berkeliyev hamda Italiya qishloq xo‘jaligi mashinasozligi uyushmasi prezidenti Maria Teresa Maschio boshchiligida 20 ga yaqin yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Germaniya, Xitoy va Turkiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan texnikalar bilan tanishdilar. Shundan so‘ng mehmonlarga zavod hududidagi ishlab chiqarish, payvandlash, yig‘uv va bo‘yoqlash tsexlarining texnik va texnologik salohiyati batafsil namoyish etildi.

Toshkent traktor zavodi xorijiy mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, Italiya qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi prezidenti zavod imkoniyatlaridan hayratda ekanini ta’kidladi hamda hamkorlik uchun keng istiqbol va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Shuningdek, zavod vakillari kelgusida xorijiy kompaniyalar bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatish va hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdilar.

Mehmonlar va korxona vakillari yangi tajribalarni Italiya kompaniyalari bilan uyg‘unlashtirish, yangi texnologiyalarni joriy etish hamda kelgusidagi loyihalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.

Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va sanoat sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling