IT Park Uzbekistan Tatariston Respublikasi va xalqaro startaplar bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda
IT Park Uzbekistan Tatariston Respublikasi va xalqaro startaplar bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan vakillari Tatariston Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashdi. Tomonlar axborot texnologiyalari, startap ekotizimi va raqamli yechimlar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, qo‘shma loyihalar va tajriba almashish doirasida kelgusi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Delegatsiya tarkibiga IT Park Qozon vakillari, shuningdek, “Presentsimple.ai”, “Fibonacci AI”, “MilkAgroVision”, “ElmaI”, “BluePrint”, “Tulpar” Akademiyasi, “LaweMate”, uchuvchisiz suv usti kemalari loyihasi, “NotCRM”, “Chain”, “Labli” va boshqa startap-loyihalar asoschilari kirdi. Barcha startaplar IT Park Uzbekistan dasturlarida ishtirok etish, jumladan rezident maqomini olish imkoniyatiga qiziqish bildirdilar.
Uchrashuv doirasida IT Park Uzbekistan vakillari texnopark faoliyati, uning asosiy yo‘nalishlari va rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaldagi dasturlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. IT-biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, IT-xizmatlar eksportini qo‘llab-quvvatlash choralari va mamlakatda barqaror startap ekotizimini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi. Texnologik kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlari, shuningdek, O‘zbekiston va Tatariston Respublikasi o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif doirasida delegatsiya “Uzinfocom”, “RealSoft” va “Green White Solutions” kabi IT Park Uzbekistan rezidentlari ofislariga ham tashrif buyurdi. Mehmonlar kompaniyalarning loyihalari, texnologik yechimlari, shuningdek, IT-xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha amaliy tajribasi bilan tanishdilar.
Tatariston Respublikasi bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun malakalarni jalb qilish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish va tajriba almashish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Bu mamlakat IT-ekotizimini mustahkamlashga yordam beradi, uning raqobatbardoshligini oshiradi va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish uchun yangi yo‘nalishlarni ochadi. Xorijiy startaplarning O‘zbekistonda faoliyat yuritishga qiziqishi mamlakatning global IT-habga aylanayotganini tasdiqlaydi.