IT Park Uzbekistan Pekin va Shanxayda Oʻzbekistonning raqamli salohiyatini namoyish etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyda IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan ikkita “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Konferensiyalar mamlakatning ikki yirik shahri — Pekin va Shanxayda o‘tkazilib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning investitsion va texnologik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratildi.
Tadbirlar sun’iy intellekt, BPO, GameDev, IT va fintech sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi 42 ta xitoy kompaniyasidan 70 dan ortiq vakilni bir joyga to‘pladi. Ular orasida “Xiaomi”, “Baidu”, “YONYOU”, “PayerMax” kabi mashhur kompaniyalar hamda Markaziy Osiyo va undan tashqarida o‘z biznesini kengaytirishni maqsad qilgan boshqa yirik texnologik kompaniyalari ishtirok etdi.
Konferensiyalarga IT Park Uzbekistan biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Radjabov rahbarlik qildi. U O‘zbekistonning IT-ekotizimini rivojlantirish strategiyasini taqdim etib, raqamli texnologiyalar sohasida Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida “Renrui Human Resources” kompaniyasining savdo direktori Go Jing so‘zga chiqib, O‘zbekistonda biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasidagi muvaffaqiyatli tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U qayd etishicha, kompaniya ro‘yxatdan o‘tishdan tortib ish boshlashgacha bo‘lgan jarayonni atigi bir oy ichida amalga oshirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni tanlashda asosiy omillardan biri ko‘p tilli mutaxassislarning mavjudligi bo‘lgan — bu esa BPO yo‘nalishini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“BIPO” kompaniyasining mintaqaviy direktori Yuriy Karp esa O‘zbekistonning afzalliklariga e’tibor qaratdi. U mamlakatdagi qulay biznes muhiti, IT-kompaniyalar uchun davlat qo‘llab-quvvatlovi, investorlar uchun raqobatbardosh shart-sharoitlar va yuqori malakali kadrlar mavjudligini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirishni maqsad qilgan xalqaro kompaniyalar uchun ishonchli maydonga aylanmoqda.
Tadbirlar yakunida Xitoy delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashrif davomida mehmonlar IT Park infratuzilmasi, mamlakat IT-ekotizimi, mahalliy mutaxassislar va startaplarning salohiyati bilan tanishadilar. Ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lib, yangi investitsion va ta’lim loyihalari uchun zamin yaratadi.
Har ikki konferensiya IT Park Uzbekistan va Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda raqamli iqtisodiyot sohasidagi yangi yo‘nalishlarni muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.